Hodisa

Andijonda harbiy xizmatchi suv havzasida cho‘kayotgan yigitni qutqardi

Milliy gvardiya xodimi jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, shifokorlar qo‘liga topshirgan.

Andijon viloyatida Milliy gvardiya xodimi bog‘dagi suv havzasiga tushib ketgan fuqaroni qutqarib qoldi. Bu haqda NOVA24’ga idora axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 2025-yil 3-iyul kuni Andijon shahridagi “Nodirabegim” madaniyat va istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan. Milliy gvardiya xodimi xizmat vaqtida bog‘dagi suv havzasida cho‘kib ketayotgan 19 yoshli yigitga ko‘zi tushgan.

Harbiy xizmatchi zudlik bilan harakat qilib, cho‘kayotgan yigitni suvdan qutqargan, shundan so‘ng tez yordam brigadasi yetib kelguniga qadar jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatgan. Yigit shifoxonaga olib borilgan va tekshiruvlardan so‘ng uning ahvoli qoniqarli deb baholangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yigit cho‘milish paytida oyog‘i suv o‘tlariga o‘ralashib qolgan va suv havzasidan mustaqil chiqa olmagan. Idora fuqarolarga jihozlanmagan va ruxsat etilmagan suv havzalarida cho‘milish hayot va sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirishini eslatib, ehtiyot choralarini ko‘rish va ayniqsa bolalarni diqqat bilan kuzatishni so‘radi.

Avvalroq Sirdaryoda yigit o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, bolali cho‘kayotgan ayolni qutqarib qolgani haqida xabar berilgandi. Jabrlanuvchi nima sababdan suvga tushib qolganiga aniqlik kiritilmagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная