Andijon viloyatida o‘z uyida giyohvandlik laboratoriyasini tashkil etgan fuqaro qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari uning uyidan gashish, kristall shaklidagi sintetik giyohvandlik vositasi, kuchli ta’sir qiluvchi “Tropikamid” dori vositasi, o‘limga olib keluvchi dori tayyorlash uchun xomashyo, maxsus idishlar, qadoqlash uchun zip-paketlar, shuningdek, 4 ta telefon va 1 ta noutbuk topgan. Topilma ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Shuningdek, noutbukdan u sintetik giyohvand moddalar savdosini boshqargan va lokatsiyalarni yuborgan uchta Telegram-bot, shuningdek, uy sharoitida giyohvandlik laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar yozilgan videomateriallar va slaydlar topilgan. Tergov doirasida uning mumkin bo‘lgan aloqalari va sheriklari aniqlanadi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkak qamoqqa olingan, ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning ikki viloyatida giyohvand moddalarni noqonuniy aylantirishga urinishlar to‘xtatilgandi. Maxsus operatsiyalar natijasida tartib posbonlari 30 kilogrammga yaqin giyohvand moddalarni musodara qilishga muvaffaq bo‘lishdi.