Andijonda bolalar o‘g‘irlangani haqidagi mish-mishlar tarqaldi — video
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro birovning uyiga kirgan — u ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turgan.

1-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida bolalar o‘g‘risi qo‘lga olingani haqida xabar tarqaldi. Viloyat IIB hodisa yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 31 iyul kuni soat 15:40 larda Shahrixon tumani “Cho‘ja” mahallasida sodir bo‘lgan. Fuqaro huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, uyiga noma’lum shaxs kirganini ma’lum qilgan. Uchastka inspektori zudlik bilan voqea joyiga borib, “bolalar o‘g‘risi” 2019-yildan buyon ruhiy kasallik bilan PNDda ro‘yxatda turgan 39 yoshli fuqaro ekanini aniqlagan.
“Ushbu fuqaro shu kunning o‘zida profilaktika inspektori tomonidan davolanish uchun Andijon shahar ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan. Bolalar o‘g‘risi qo‘lga olingani haqidagi xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqlarning barcha faol foydalanuvchilaridan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmasliklarini va rasmiy manbalarga tayanishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bolalarni ayovsiz kaltaklagan noqonuniy diniy maktablar aniqlangandi. Shu bilan birga, ota-onalar ko‘karishlar va jarohatlarga qaramay, o‘qish uchun to‘lovni amalga oshirgan.
Izohlar