Hodisa

Andijon viloyatida korxonada yuz bergan avariya oqibatida kanalga neft sizib chiqdi — video

Ekologlar tekshiruv o‘tkazib, atrof-muhitga yetkazilgan zararni hisoblamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidan oqib o‘tuvchi kanalga neft mahsulotlari oqib tushgani aks ettirilgan video tarqaldi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi mazkur holat yuzasidan o‘z izohini berdi.

Voqea 29-iyul kuni sodir bo‘lgan. Ekologlar tekshiruv o‘tkazish, namunalar olish va vaziyatni o‘rganish uchun voqea joyiga borishdi. Ma’lum bo‘lishicha, neft mahsulotlarining sizib chiqishi Sanoat energetika guruhi korxonasidagi avariya natijasida sodir bo‘lgan.

“Hozirda muammo bartaraf etilgan. Korxonaga tegishli tekshiruv o‘tkazish uchun hujjatlar yuborildi, uning yakunlari bo‘yicha atrof-muhitga yetkazilgan zarar va uni bartaraf etish choralari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Andijonda suv kanali to‘satdan ko‘piklanib qolgani haqida xabar berilgandi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan suvdan namunalar olinib, o‘rganilgan, prokuratura tomonidan ishchi guruh tuzilib, holat o‘rganilgan. O‘shanda kanal bo‘yida Hojiobod, Buloqboshi va Marhamat tumanlari ekologiya inspektorlari tomonidan nazorat tadbirlari tashkil etilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная