Rossiyaning Rostov viloyatida 2026-yildan boshlab chet ellik ishchilar uchun patent narxi oshiriladi, RIA Novosti mintaqa hukumatiga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqaviy koeffitsiyentning oshishi hisobiga patent narxi oshadi. Mintaqaga vizasiz, shu jumladan O‘zbekistondan kelgan xorijliklar patent olishlari shart. Patent uchun to‘lov bazaviy stavka, deflyator koeffitsiyenti va mintaqaviy koeffitsiyentdan iborat. Rostov viloyatidagi koeffitsiyent ko‘rsatkichi mamlakatdagi eng past ko‘rsatkichlardan biri — 2,1.

Rostov viloyatida mintaqaviy koeffitsiyentni 2,1 dan 3 ga oshirish taklif qilindi. Bu viloyat g‘aznasiga qo‘shimcha ravishda 1 mlrd rublga yaqin mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Gubernator Yuriy Slyusar mintaqaviy Iqtisodiy rivojlanish vazirligiga xorijiy ishchilarning chiqib ketishi va yirik tashkilotlarda ishchi kuchi tanqisligining yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shimcha mexanizmlarni ishlab chiqishni topshirdi.

Avvalroq 2026-yilda Moskvada mehnat muhojirlari uchun patent narxi oshirilishi haqida xabar berilgandi.