Dunyo

2026-yilda Moskvada mehnat muhojirlari uchun patent narxi oshiriladi

Rasmiylar narxlarning ko‘tarilishini chet elliklar orasida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘rtacha ish haqi miqdorining oshishi bilan izohladi.

Moskvada 2026-yilda migrantlar uchun patent tariflari oshiriladi, deb yozadi TASS Moskva shahar dumasi deputatlari qaroriga tayanib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiylar tariflar narxini 8,9 ming rubldan 10 ming rublgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Deputatlarning ta’kidlashicha, 2025-yilda poytaxt hududida mehnat bozorining mintaqaviy xususiyatlarini aks ettiruvchi koeffitsiyent miqdori 2,8592 ni, patent qiymati esa 8,9 ming rublni tashkil etgan.

Mehnat muhojirlari tomonidan an’anaviy ravishda talab qilinadigan sohalarda o‘rtacha ish haqining o‘sishini hisobga olgan holda, 2026-yilda ko‘rsatilgan mintaqaviy koeffitsiyentni 2,9323 miqdorida belgilash taklif qilinmoqda, buning natijasida patent narxi oyiga 10 ming rublgacha oshadi, — deyiladi hujjatda.

Avvalroq Rossiyada migrantlar uchun ijtimoiy nafaqalarni bekor qilish taklif qilingani xabar qilingandi. RLDP partiyasi muhojirlar uchun “bepul ijtimoiy xizmat”ni to‘xtatish va shu tariqa federal byudjetga yukni kamaytirish vaqti kelganini aytdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная