O‘zbekiston Afg‘oniston IIVning xavfsizlikni kuchaytirish va giyohvand moddalarga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini e’tirof etdi
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘oniston tomoni vakillari bilan uchrashdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘oniston ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Xalifa Sirojiddin Haqqoniy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Tomonlar xavfsizlik, huquqni muhofaza qilish va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash sohalarida mamlakatlar o‘rtasida kengayib borayotgan hamkorlikni muhokama qildi.
“Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligining mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni sezilarli darajada yaxshilash va giyohvand moddalar ishlab chiqarishga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qayd etdik”, — deb yozadi Baxtiyor Saidov.
Bundan tashqari, O‘zbekiston TIV Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund bilan uchrashdi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, jumladan, mintaqaviy integratsiya yo‘lidagi muhim qadam — O‘zbekiston-Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘lini qurish to‘g‘risidagi hadli bitimni imzolash masalalari muhokama qilindi.
“O‘zbekiston hukumati infratuzilma, logistika, energetika va ta’lim sohalarida sheriklikni mustahkamlashga tayyor va Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 11-iyul kuni Baxtiyor Saidov Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va tashqi ishlar vaziri Abdulg‘affor Teraviy ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda Afg‘onistonning barqaror taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekanimizni tasdiqladilar. Tomonlar Afg‘onistonning mintaqaviy va global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuviga alohida e’tibor qaratdi.
Avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston bosh vazirlari har uch oyda uchrashishni boshlashi xabar qilingandi. Respublika va islom amirligi hukumatlari rahbarlari kelishuvlarning amalga oshirilishini shaxsan nazorat qiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan Amudaryo suv havzasini boshqarishga kelishib oldi. Mamlakatlar suvdan adolatli va oqilona foydalanishni qog‘ozga tushirdi.
Izohlar