AQSH viza talabgorlari uchun 15 ming dollargacha garov joriy qilmoqchi
Yangi tashabbus fuqarolari uchun ishlaydigan mamlakatlar ro‘yxati hali noma’lum.

AQShda sayyohlik va biznes vizalari uchun ariza beruvchilar uchun 15 ming dollargacha garov imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda, deb yozadi Reuters Federal reyestrga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qoida 20-avgustda boshlanadigan va bir yil davom etadigan sinov dasturi doirasida amal qiladi. Garov miqdori 5 ming dollardan 15 ming dollargacha bo‘ladi, bu pullar viza muddatlari buzilishi yuqori bo‘lgan, shuningdek, hujjatlar ustidan yetarlicha nazorat bo‘lmagan mamlakatlardan kelgan fuqarolardan undiriladi. Fuqaro viza shartlariga muvofiq AQShni tark etgandan so‘ng, mablag‘lar qaytariladi.
Mamlakatlar muddati o‘tgan vizalarning yuqori darajasi, hujjatlarni yetarlicha tekshirmaslik, rezidentlik talabisiz investitsiyalar orqali fuqarolikni olish bo‘yicha xavotirlar, shuningdek, tashqi siyosat nuqtai nazaridan kelib chiqib belgilanadi, — dedi Davlat departamenti vakili.
Qayd etilishicha, dasturga a’zo davlatlar ro‘yxati u kuchga kirgandan so‘ng e’lon qilinadi. Alohida hollarda garov bekor qilinishi mumkin. Associated Press’ning ta’kidlashicha, garovning joriy etilishi Donald Tramp ma’muriyati tomonidan viza qoidalarini kuchaytirishning bir qismidir.
Avvalroq Trampning qarorlari tufayli bir millionga yaqin noqonuniy muhojir AQShni tark etgani ma’lum qilingandi. Shtatlarda bunday toifadagi shaxslar o‘n milliondan ortiq bo‘lib qolmoqda.
Izohlar