Afg‘onistonda bolalar qo‘g‘irchoqlarini sotish taqiqlandi
Rasmiylarga ko‘ra, bu o‘yinchoqlar “harom” va butlarga o‘xshaydi.

Afg‘onistonning Qandahor shahri rasmiylari go‘yoki butlarga o‘xshash bolalar qo‘g‘irchoqlari va haykalchalarini sotishni taqiqladi, deb yozadi Amu TV.
Do‘kon sotuvchilarining so‘zlariga ko‘ra, toliblar diniy sabablarga ko‘ra bolalar qo‘g‘irchoqlari va haykalchalarini savdodan olib tashlashni buyurgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, taqiq odam yoki hayvonlar tasvirlangan qo‘g‘irchoq va boshqa o‘yinchoqlarni o‘z ichiga oladi. Tadbirkorlar taqiq ularning biznesiga jiddiy zarar yetkazayotganini aytishdi.
“Buzuqlik va ezgulik nozirlari bizga bu o‘yinchoqlarning “harom” ekanini, ularni sotishga ruxsat yo‘qligini aytishdi. Savdo shundoq ham sust ketayotgandi, bu qaror esa vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Biz zo‘rg‘a kun kechiryapmiz”, — deydi o‘yinchoq do‘konlaridan birining egasi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq toliblar stol futbolini ham taqiqlagandi, chunki figuralar butlarga o‘xshaydi. Stol futbol klublariga o‘yinchoq “sportchilar”ning boshini olib tashlash topshirilgan.
Izohlar