“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida mahalliy aholining atigi 61 foizi toza suv bilan ta’minlangan.
2025-yil iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 81,5 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Hududlar kesimida eng yuqori ta’minlanganlik darajasi Toshkent shahrida qayd etildi — u yerda aholining 98,4 foizi toza suvdan foydalanish imkoniyatiga ega. Keyingi o‘rinlarni Andijon viloyati aholisi egalladi, bu yerda ko‘rsatkich 92 foizni tashkil etdi.
Eng past natija Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, u yerda aholining suv ta’minoti bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichi atigi 61,2 foizni, Surxondaryo viloyatida esa 66,5 foizni tashkil etdi. Qolgan viloyatlar quyidagicha joylashdi:
- Xorazm — 91,6%
- Sirdaryo — 87,7%
- Namangan — 87%
- Navoiy — 85,8%
- Farg‘ona — 82,5%
- Toshkent viloyati — 79,9%
- Samarqand — 78,6%
- Jizzax — 75,3%
- Buxoro — 74,3%
- Qoraqalpog‘iston — 74,2%.
2024-yilning shu davriga nisbatan aholining 77,6 foizi toza suv bilan ta’minlangan. Shuningdek, Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, u yerda aholining 97,7 foizi, Xorazm esa 90,4 foizi suv bilan ta’minlangan. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari ham 59,4% va 62,9% ko‘rsatkichlari bilan quyi o‘rinlarni egallagan.
Avvalroq minglab o‘zbekistonliklar ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanishi haqida xabar berilgandi. Prezident suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini xususiy mulkdorlarga faolroq o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan.





















