Arina Tanatmisheva baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 18 va 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi MOQ axborot xizmati.
Portugaliyaning Montemor-u-Velyu shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqada ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining ilk medalini qo‘lga kiritdi. Sovrin muallifi U23 yosh toifasida 1000 metrga yugurgan baydarkachi Arina Tanatmisheva bo‘ldi.
Sportchi marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelishga muvaffaq bo‘ldi va kumush medalni qo‘lga kiritdi. 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida finalda 200 metrga C-1 klassida Shoxsanam Sherzodova, 500 metrga C-2 klassida Muhammadali Mirishmanov va Diyorbek Mamatqulov, xuddi shu masofaga C-4 klassida Dilnozaxon Rafikova, Zarina Kazakova, Shoxsanam Sherzodova va Xonzoda Erkinova medallar uchun kurash olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini sportga yaroqliligi bo‘yicha tekshirish boshlanadi. Bo‘lajak sportchilarni saralash uchun tibbiy ko‘riklar har yili o‘tkaziladi.





















