O‘zbekistonlik ikki nafar sportchi World Boxing talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi bokschisi bo‘lish uchun nomzodlar qatoridan joy oldi, deb xabar bermoqda mamlakat boks federatsiyasi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Javohir Ummataliyev va Fazliddin Erkinboyev nomzodlar bo‘lgan. Shuningdek, braziliyalik Luis Oliveyra va Yuri Falkao, qozog‘istonlik Mahmud Sobirxon ham short-listga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, boks bo‘yicha U19 Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Terma jamoamiz 7 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Avvalroq Boks federatsiyasi Lazizbek Mullajonovning doping sinovi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi. Sportchining oltin medali bekor qilingani haqidagi ma’lumot soxta bo‘lib chiqdi.