Pul

Yil boshidan buyon iste’molchilarga kommunal xizmatlar uchun asossiz hisoblangan qariyb 20 mlrd so‘m mablag‘ qaytarildi

Mablag‘lar 48 mingdan ortiq jismoniy va 100 dan ortiq yuridik iste’molchilarga qaytarildi.

2025-yil boshidan buyon o‘zbekistonliklarga kommunal xizmatlar uchun qariyb 20 milliard so‘m ortiqcha to‘lovlar qaytarildi, deb xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, elektr, gaz, suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun asossiz hisoblangan qariyb 20 mlrd so‘m mablag‘lar 48 mingdan ortiq jismoniy va 100 dan ortiq yuridik iste’molchilarga qaytarilgan. Xususan, elektr ta’minoti xizmatlari uchun qariyb 5,5 mlrd so‘m, tabiiy gaz uchun qariyb 7,5 mlrd so‘m, ichimlik suvi ta’minoti xizmatlari uchun qariyb 2,5 mlrd so‘m, issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun 4,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilarga qaytarildi.

Samarqand viloyatida Ishsizlarning kasb-hunar ta’limi markazi murojaatidan so‘ng “Samarqand suv ta’minoti” korxonasi tomonidan ichimlik suvi uchun asossiz hisoblangan 263 mln so‘m iste’molchilarga yana bir bor hisob-kitob qilinib, qaytarib berildi. Shuningdek, Navoiy viloyatida Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan “Hududgaz Navoiy” filiali tomonidan 1,6 mln kub metrdan ortiq gaz uchun asossiz hisoblangan qariyb 2,5 mlrd so‘m «Issiqlik manbai» korxonasiga qaytarilgan.

Xuddi shunday holat Qoraqalpog‘istonda ham bo‘lib, aholi Raqobat qo‘mitasiga “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasining Beruniy tumanidagi filiali ustidan shikoyat bilan murojaat qilgan. Boshqarma tekshiruvidan so‘ng filial tomonidan “Hoji Karimov” fermer xo‘jaligiga 86 mln so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilgan. Bundan tashqari, Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan “Qoraqalpoq suv ta’minoti” korxonasi tomonidan 48 mingdan ortiq iste’molchiga 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda iste’molchilarga yigirma milliard so‘m qaytarib berilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ko‘pincha aholi kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidan shikoyat qilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная