Toshkent hokimligi yana “arzon” go‘sht narxlarini e’lon qildi
Poytaxt aholisiga Belarus, Pokiston, Mo‘g‘uliston va Hindiston mahsulotlari va’da qilinmoqda.

Toshkent shahar hokimligi Mustaqillik bayrami arafasida poytaxt bozorlarida “arzon narxlarda” oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi ochilishini e’lon qildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, peshtaxtalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan tashqari, fuqarolar Belarus, Pokiston, Mo‘g‘uliston va Hindistondan keltirilgan yirik va mayda shoxli mollar go‘shtini topishlari mumkin. Shuningdek, hududlardan keltirilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining keng tanlovi namoyish etilmoqda.
“Go‘sht narxi 65 ming so‘mdan 90 ming so‘mgacha etib belgilangan. Ushbu tashabbus aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish va bozor narxlarini barqarorlashtirishga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, go‘shtning arzon narxda sotilishi haqida shahar hokimligi 3-avgust kuni ham gapirgandi. O‘shanda Chorsu, Yunusobod, Qo‘yliq, Farhod va Aviasozlar bozorlarida aholini arzon narxlarda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ishlari doirasida narxlar pasaytirilgan edi.
Amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar natijasida oziq-ovqat mahsulotlari narxining real va fuqarolar uchun sezilarli o‘zgarishiga erishilmoqda, bugundan boshlab poytaxtning barcha aholisi va mehmonlari go‘sht va go‘sht mahsulotlari misolida bunga shaxsan ishonch hosil qilishi mumkin.
Ammo bu xabar ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilarning g‘azabini keltirdi. Ular hech qanday arzon narxlarni sezmaganini ta’kidladi.
Izohlar