Pul

MBda raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish uchun fintex-ofis tashkil etiladi

Tashabbus milliy strategiyani shakllantirish va mamlakatni mintaqaviy fintex markaziga aylantirish yo‘lidagi asosiy qadam bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 10-sentyabr kuni moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Asosiy qaror Markaziy bankda muvaffaqiyat mezonlarini belgilaydigan va sohani rivojlantirishni muvofiqlashtiradigan fintex ofisini tashkil etish bo‘ldi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Jahon fintex bozori shiddat bilan o‘sib bormoqda: uning hajmi 300 milliard dollardan oshdi va 2030-yilga kelib 600 milliardga yetishi mumkin. O‘zbekistonda ham faol o‘sish kuzatilmoqda: 2018-yildan buyon fintech kompaniyalari soni 24 tadan 103 taga ko‘paydi, bu yilgi xorijiy investitsiyalar hajmi esa 260 million dollardan oshdi — bu o‘tgan yilga nisbatan to‘rt baravar ko‘pdir.

O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida 1 mingta startapni qo‘llab-quvvatlash, “Open banking” tizimini joriy qilish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi aytilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar shu boradagi rejalar va takliflar yuzasidan axborot berdi.

Prezident banklarning texnologik imkoniyatlarini kengaytirib, ulardagi raqamli xizmatlarni ko‘paytirish, fintex sohasidagi kompaniyalar va startaplarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Sohada muvaffaqiyat mezonlarini aniqlash va boshqarish maqsadida Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinishi ma’qullandi. Bu chora-tadbirlar kelgusida O‘zbekistonning mintaqaviy fintex markaziga aylanishiga xizmat qiladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная