Pul

Davlat xaridlari, iste’molchilar huquqlari va reklamadagi minglab qoidabuzarliklar — Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi hisoboti

Idora vazirliklar tomonidan tayyorlangan normativ-huquqiy hujjatlarning yarmi raqobatni cheklashini aniqladi.

15-iyul kuni Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi.

Hisobotda asosiy muammolar, jumladan, monopoliyaga qarshi qonunchilikning buzilishi, davlat xaridlari sohasidagi samarasizlik, iste’molchilarning shikoyatlari va tartibsiz reklama joylashtirilishiga to‘xtalib o‘tilgan.

Olti oy davomida monopoliyaga qarshi kurashish departamenti tomonidan davlat organlari va mahalliy hokimliklarga raqobat sohasidagi qonunbuzarliklar bo‘yicha 87 ta taqdimnoma kiritilgan. Natijada qonunga zid bo‘lgan 15 ta hujjat bekor qilindi. Shuningdek, Qo‘mita 21 mingdan ortiq iste’molchining manfaatlarini himoya qildi — da’volarning umumiy hajmi 16 milliard so‘mni tashkil etdi.

Davlat buyurtmachilari umumiy qiymati 13,2 trln so‘mlik 13,6 mingta tenderni tahlil qilgan: 8,8 mingta holatda (65%) buyurtmachilarning o‘zlari tayyorgarlik bosqichidayoq raqobatga qarshi harakatlarni aniqlagan. Savdo jarayonida bunday holatlar soni 13 mingdan oshdi.

Qayd etilishicha, vazirliklar tomonidan tayyorlangan 439 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining yarmida raqobatni cheklovchi normalar mavjud bo‘lgan. Bu normalar hujjatlar qabul qilingunga qadar bartaraf etildi.

Bundan tashqari, ushbu davrda reklamani joylashtirish va tarqatishda 7,8 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Qo‘mita ularni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rdi.

Senatorlar tizimli yondashuv zarurligini ta’kidladi — nafaqat ayrim qoidabuzarliklarni bartaraf etish, balki hududiy rivojlanish va bozorlar tuzilmasi raqobatga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qilish. Yig‘ilish yakunida raqobat muhitini mustahkamlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

    Максим Каневский
    Редактор «NOVA24»

    Izohlar

    Mavzuga oid

    Главная