Shavkat Mirziyoyev Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tuzish to‘g‘risida farmon chiqardi.

Shavkat Mirziyoyevning “C5+1” sammiti doirasida AQShga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari, AQSH tomonidan esa AQSH prezidenti vakili hamraisligida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston tomonidan Kengash tarkibi, uning reglamenti va faoliyat tartibini tasdiqlash vakolati O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbariga berilishini ko‘rsatib o‘tdi. Bundan tashqari, Kengash muhokamasiga kiritiladigan quyidagi masalalarni ishlab chiqishni ustuvor vazifa sifatida belgilash topshirildi:

  • strategik biznes tashabbuslar, yirik investitsiya va savdo loyihalarini ishlab chiqish va kelishishni muvofiqlashtirish, shuningdek, ularning amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish;
  • O‘zbekistonga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini yaratish, yirik investorlar sifatida Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC)ni va O‘zbekiston tomonidan ham investorlarni belgilash, shuningdek, muhim infratuzilmaviy va strategik loyihalarni moliyalashtirish va xatarlarni taqsimlash uchun yirik moliya institutlarini (YTTB, XMK, OTB) jalb qilish;
  • tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish;
  • Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari bo‘lgan kompaniyalar mahsulotlari va xizmatlarini tizimli ravishda ilgari surish;
  • mamlakatning investitsiya portfelini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta zaxirasining bir qismini va boshqa aktivlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar kiritish.

Tashqi siyosiy va davlat tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi kiritiladi.

  • maslahatchi-elchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish, shuningdek, faoliyati reglamentini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi;
  • maslahatchi-elchi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga hisobdor va O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.

Maslahatchi-elchiga O‘zbekiston va AQShda yirik va strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashabbus ko‘rsatish va muhokama qilish topshirildi. Bundan tashqari, u O‘zbekiston tomonidan Kengash ishini kompleks muvofiqlashtiradi.

Investitsiyaviy-savdo blokini mustahkamlash va ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirish, Kengash vazifalari va loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston TIV maslahatchi-vakili ishiga ko‘maklashish uchun:

  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi xodimlari shtatini ko‘paytirish bo‘yicha taklif kiritadi;
  • bir oy muddatda AQSH hududida qo‘shimcha konsulliklar ochish masalasini ishlab chiqsin, bunda geografik qamrovni ta’minlash uchun kontingentga AQSH tarmoqlarining asosiy xablari bilan ishlovchi xodimlar va mutaxassislarni kiritsin hamda vatandoshlar yirik diasporalari eng ko‘p to‘plangan hududlarni (Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlari) hisobga oladi.

TIV manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritadi. Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida “misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuv”ni e’lon qilgandi. Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekiston tomoni Amerikaning asosiy tarmoqlariga 100 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.