Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida post yozib, unda AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida “misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuv” tuzilganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot kotibi.

AQSH rahbarining aytishicha, O‘zbekiston yaqin 3 yil ichida qariyb 35 milliard dollarlik xaridlarni amalga oshiradi va sarmoya kiritadi. Keyingi 10 yil davomida esa Amerikaning asosiy sohalariga 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda, jumladan:

  • nodir minerallar;
  • aviatsiya;
  • avtomobil butlovchi qismlari;
  • infratuzilma;
  • qishloq xo‘jaligi
  • energetika va kimyo;
  • axborot texnologiyalari.

Men O‘zbekistonning yuksak hurmatli Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali munosabatlarni intizorlik bilan kutamiz! — deb yozdi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Oq uyda bo‘lib o‘tgan “C5+1” sammitidagi ishtirokini yakunlagandi. Prezident Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasida investitsiya, savdo, energetika, texnologiya va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.