Toshkentning bir tumanida bir oy davomida issiq suv ta’minotida uzilishlar kuzatiladi — manzillar
Ayrim mahalliy qozonxonalar ta’mirlanadi.

4-28-avgust kunlari Toshkentning Shayxontohur tumanida issiq suv ta’minotida uzilishlar kuzatiladi, deya xabar berdi Veolia Energy matbuot xizmati.
Kompaniya 2025-yil avgust oyi davomida tumandagi ayrim lokal qozonxonalarda rejali ta’mirlash ishlari olib borilishini ma’lum qildi. Uskunalarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, eskirgan elementlarni almashtirish, shuningdek, nasos uskunalarini tekshirish rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan quyidagi manzillarda issiq suv ta’minoti to‘xtatiladi:
- Navoiy 39 qozonxonasi (39-uy, “Navoiy” ko‘chasi, “Olmazor” mahallasi) — 4-5-avgust kunlari;
- Navoiy 37 qozonxonasi (39-uy, “Navoiy” ko‘chasi, “Olmazor” mahallasi) — 6-7-avgust kunlari;
- Navoiy 33 qozonxonasi (33-uy, Navoiy ko‘chasi, “O‘qchi” mahallasi) — 11-12-avgust;
- Navoiy 29 qozonxonasi (29-uy, “Navoiy” ko‘chasi, “O‘qchi” mahallasi) — 13-14-avgust;
- Navoiy 27 qozonxonasi (29-uy, “Navoiy” ko‘chasi, “O‘qchi” mahallasi) — 18-19-avgust;
- Ko‘kcha 1a qozonxonasi (1-12, 60a-uylar, “Ziyo Said” ko‘chasi, “Ko‘kcha” mahallasi) — 20-21-avgust;
- Zafarobod 12 qozonxonasi (1a, 2a, 2, 8, 9, 10-sonli uylar, 456-sonli bolalar bog‘chasi, Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, “Zafarobod” mahallasi) — 25-26 avgust;
- Ipakchi 103 qozonxonasi (102, 103, 107-110, 114-116-uylar, 105, 106-kottejlar, “Istirohat” ko‘chasi, “Ipakchi” mahallasi) — 27-28-avgust.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda suv millat mulkiga aylangan. Shuningdek, rasmiylar suvdan foydalanishni umumiy va maxsus, suv obyektlarini esa bir necha toifalarga ajratdi.
Izohlar