Toshkentda endi qurilish ishlari faqat elektr ta’minoti kafolatlangandan keyingina boshlanishi lozim
Mavjud cheklovlarni bartaraf etib, “elektr halqa” yaratish tizimi joriy etiladi.

Toshkentda elektr tarmoqlaridagi mavjud cheklovlarni bartaraf etish va energetika infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Prezident Toshkent shahri energetika tarmoqlarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasida belgilangan barcha ishlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Muhtaram prezident Toshkent shahridagi elektr tarmoqlarida hozirgi cheklovlarning oldini olish, tarmoqlarni rivojlantirish, elektr ta’minotidagi barcha muammolarni bartaraf etish va 2030-yilgacha bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi”, — dedi vazir.
Joriy yilning o‘zida mavjud cheklovlarni bartaraf etish va “elektr halqa” yaratish tizimi joriy etiladi. Ushbu tizimning tafsilotlari hali noma’lum.
“Barcha tumanlarda elektr ta’minotida muammo bo‘lmasligi uchun barcha transformator va podstansiyalardagi yuklamalarni inobatga olib, raqamli tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu borada chora-tadbirlar belgilandi”, — dedi u.
Endi har qanday bino, inshoot va turar joy qurilishiga ruxsat berishda elektr energiyasiga bo‘lgan talab o‘rganiladi.
“Energetika vazirligi bilan birga bu ishlar integratsiya qilinib, raqamlashtiriladi. Texnik shartlar onlayn rejimda beriladi, qurilish esa zarur elektr energiyasi bilan ta’minlash bilan oldindan bog‘lanadi”, — dedi Hidoyatov.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning ta’kidlashicha, 2017-yilgacha shaharda har yili quvvati 100 MVtdan kam bo‘lgan obyektlar ulangan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich 1000 MVtga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentga Toshkentda barqaror energiya tizimi bo‘yicha rejalar taqdim etilgan edi. Davlat rahbari kuz-qish mavsumi yaqinlashib kelayotganiga e’tibor qaratib, joriy reja bo‘yicha barcha ishlarni 1-noyabrgacha yakunlash zarurligini ta’kidladi.
Izohlar