Toshkentda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun yuzlab million dollar sarflanadi
Prezidentning o‘zi moliyalashtirish manbalarini belgilab berdi.

Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezident 2025–2026-yillarda qurilish, ta’mirlash, tarmoqlarni yotqizish, yangi podstansiyalarni qurish, shuningdek, yuqori yuklama bilan ishlaydigan podstansiyalarni ta’mirlash bo‘yicha barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.
Davlat rahbari qiymati 200 mln dollardan ortiq bo‘lgan takliflarni ma’qulladi. Ushbu loyihani moliyalashtirish manbalari ham prezident tomonidan belgilab berildi.
“Yig‘ilishda poydevoridan tortib, qurilishni yakuniga yetkazishgacha bo‘lgan barcha masalalar qamrab olinib, ishlar bosh reja asosida, tartib bilan olib borilishi belgilandi”, — dedi poytaxt rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlar Toshkent byudjeti hisobidan amalga oshirilmaydi, prezident moliyalashtirish manbalarini o‘zi belgilagan. Poytaxt hokimining ta’kidlashicha, bugungi kunda birinchi navbatda 13 ta podstansiyadagi “qisqa muddatli muammolar”ni hal qilish rejalashtirilgan.
Avvalroq prezidentga Toshkentda barqaror energiya tizimi bo‘yicha rejalar taqdim etilgan edi. Davlat rahbari kuz-qish mavsumi yaqinlashib kelayotganiga e’tibor qaratib, joriy reja bo‘yicha barcha ishlarni 1-noyabrgacha yakunlash zarurligini ta’kidladi.
Izohlar