Toshkentda ayrim ko‘chalar bir necha kunga yopiladi
Aholidan uzr so‘ralib, muqobil yo‘nalishlardan foydalanish so‘raldi.

Toshkentda Shota Rustaveli va Bobur ko‘chalari chorrahasida bir necha kunga transport harakati to‘xtatiladi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, cheklov Shota Rustaveli ko‘chasida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan quyidagi uchastkalar yopiladi:
- 25-iyul soat 22:00 dan 26-iyul soat 06:00 gacha Bobur ko‘chasining Shota Rustaveli ko‘chasi bilan kesishmasidan Nukus ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan bir tomonlama qismi yopiladi (faqat o‘ngga burilishga ruxsat beriladi);
- 25-iyul soat 22:00 dan 28-iyul soat 03:00 gacha Bobur ko‘chasida harakatlanishda to‘g‘riga va chapga harakatlanish taqiqlanadi (faqat o‘ngga burilishga ruxsat beriladi);
- 25-iyul soat 22:00 dan 28-iyul soat 03:00 gacha Shota Rustaveli ko‘chasida harakatlanishda chapga burilish taqiqlanadi (o‘ngga burilish va to‘g‘riga harakatlanishga ruxsat beriladi).
Qayd etilishicha, chorraha uchastkalarida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari dam olish kunlari, transport yuklamasi sezilarli darajada past bo‘lganda maxsus amalga oshiriladi, bu esa aholi va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun noqulayliklarni minimallashtirish imkonini beradi. Poytaxt aholisi va mehmonlaridan keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ralib, yo‘nalishlardagi o‘zgarishlarni inobatga olish so‘raldi.
Avvalroq Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasi tunu kun ishlaydigan gastronomik ko‘chaga aylantirilishi haqida xabar berilgandi. Ayni paytda hududda infratuzilma yangilanib, qulay va xavfsiz piyodalar yo‘laklari barpo etilmoqda.
Izohlar