Toshkentda qonunchilikka zid ravishda reklama joylashtirayotgan avtomobillarni aniqlash bo‘yicha reydlar davom etmoqda, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirlar IIBB YHXBB va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilmoqda. Ular davomida reklama joylashtirilgan 470 ta avtomobil tekshiruvdan o‘tkazildi: ulardan 390 tasida reklama pasporti yo‘q edi. Huquq-tartibot idoralari tomonidan haydovchilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining eslatishicha, transport vositalarida tashqi reklamani joylashtirish uchun davlat xizmatlarida reklama joyining pasportini rasmiylashtirish kerak. Ba’zi haydovchilar bunday talab borligini bilmaganliklarini aytishdi. Natijada, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 389 ta ogohlantirish xatlari topshirildi va 1 ta avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi. Qayd etilishicha, shundan so‘ng avtotransport liniyasi orqali reklama pasportlarini olish uchun 1200 ga yaqin ariza kelib tushgan.

Avvalroq Toshkentda mashinalardagi tartibsiz reklamalarga qarshi kurash boshlangani haqida xabar berilgandi. Mutaxassislar tizimli monitoring olib borishni boshladi.