Toshkentda juft va toq raqamli avtomobillar harakati taqiqlanishi mumkin
Cheklovlar elektromobillarga ta’sir qilmaydi.

Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaga sanoat, transport va qurilishda cheklovlar joriy etish, shu jumladan, avtotransport vositalarining juft va toq raqamlar bilan harakatlanishini taqiqlash vakolati berildi, deyiladi prezident farmonida.
Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaga tabiiy changlanish kuchaygan davrda sanoat, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlar joriy etish huquqi berilgan. Bundan tashqari, komissiya transport vositalarining harakatlanishini cheklashi, shu jumladan quyidagilarni joriy etishi mumkin:
- Toshkent shahrida yuk avtomobillari harakatini vaqtincha cheklash;
- davlat raqamiga muvofiq avtotransport vositalarining (elektromobillardan tashqari) juft va toq sonlar bo‘yicha harakatlanishini cheklash amaliyotini yuritish;
- harakatlanishi vaqtincha cheklangan avtotransport vositalari turlarini, shuningdek, ko‘chalar va boshqa hududlarni belgilash;
- atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar chiqaradigan issiqxonalar va boshqa obyektlar faoliyatini vaqtincha yoki butunlay to‘xtatish;
- Toshkent shahridan boshqa hududlarga majburiy ko‘chirilishi lozim bo‘lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilash;
- sanoat korxonalari uchun yo‘l qo‘yiladigan chiqindilar normalarini belgilash va ushbu talablarni buzayotgan korxonalar faoliyatini belgilangan tartibda to‘xtatib qo‘yish choralarini ko‘rish;
- qurilish ishlarini olib borishga cheklovlar va talablar joriy etish, shu jumladan qurilish paytida changni yo‘qotish uchun uskunalar o‘rnatish va boshqa talablar;
- ekologik talablar bajarilishini ta’minlash maqsadida davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
- qirg‘oqbo‘yi muhofaza zonalarida suv obyektlari (daryolar, kanallar, ariqlar) qurishni taqiqlash va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bog‘liq boshqa vakolatlar.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent atrofidagi issiqxonalar vaqtincha yopilgan: ular bir hafta ichida gazga o‘tkaziladi. Prezident Energetika vazirligiga xo‘jaliklarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Izohlar