Toshkent va Toshkent viloyati o‘rtasida tirbandlikni kamaytirishga yordam beradigan yangi avtobus yo‘nalishi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar beradi Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi 194-sonli yo‘nalish 2025-yil 15-noyabrdan harakatlanishni boshlaydi va Toshkent Janubiy vokzalini Toshkent viloyatidagi Niyozboshi mahallasi bilan bog‘laydi. Yo‘nalish poytaxt va unga tutash hududlar o‘rtasidagi transport qulayligini yaxshilash, shuningdek, tirbandlik darajasini kamaytirishga yordam berishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi aholining qulay harakatlanish imkoniyatlarini kengaytiradi, shaxsiy avtomobillardan foydalanish zaruratini kamaytiradi va poytaxtga kunlik sayohatlarni osonlashtiradi. Qayd etilishicha, yo‘nalishda Mercedes-Benz LF rusumli zamonaviy avtobuslar harakatlanadi. Avtobuslar harakati jadvali quyidagicha bo‘ladi:
- ish kunlari – soat 05:30 dan 23:10 gacha (11 ta avtobus);
- shanba – soat 05:30 dan 22:25 gacha (10 ta avtobus);
- yakshanba – soat 06:07 dan 22:02 gacha (9 ta avtobus).
Avvalroq O‘zbekistonga Xitoydan yuzlab yangi Yutong elektrobuslari olib kelingani haqida xabar berilgandi. 2030-yilga qadar Toshkent shahri jamoat transportida ushbu avtobuslar ulushini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan.























