2025-yil oxirigacha Toshkent metropolitenining barcha bekatlarida kassalar yopiladi va kassir lavozimi to‘liq tugatiladi, deb xabar bermoqda Metropoliten matbuot xizmati.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, kassir lavozimidagi xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj asta-sekin kamayib bormoqda. Shu munosabat bilan 204 nafar kassir ishdan bo‘shatildi. 2025-yil oxirigacha metropolitenning barcha bekatlarida avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Kassir va katta kassir lavozimlari to‘liq tugatiladi.

Ishdan bo‘shatilgan xodimlar uchun kasbiy qayta tayyorlash kurslarida ishtirok etish taklif etiladi. Ular buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik va boshqa yo‘nalishlardan birini tanlashlari mumkin bo‘ladi. O‘qish to‘lovini Metropoliten qoplaydi.

Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi qisqartirish jarayonida bo‘lgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va yangi kasbni o‘zlashtirish orqali ularga barqaror daromad manbai yaratishdir, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 4-iyuldan metro chiptalarini sotib olish uchun kassalarni yopish boshlandi. Bunga yo‘lovchilarning deyarli to‘liq naqd pulsiz to‘lov usullariga o‘tishi sabab bo‘ldi. O‘shanda naqd to‘lov ulushi juda kam bo‘lgan 13 ta metro bekatida har bir bekatning bitta vestibyulida kassalar yopilgan edi.