Toshkent issiqlik elektr stansiyasida ekologik nazorat kuchaytirildi, filtrlar va avtomatik monitoring o‘rnatildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida 5 ta qozon agregati va 1 ta gaz turbina qurilmasida ta’mirlash ishlari olib borilgan. Shuningdek, korxonada mazut yoqilg‘isi to‘liq foydalanishdan chiqarilgan. Endilikda elektr va issiqlik energiyasi faqat tabiiy gaz asosidagi zamonaviy qurilmalar yordamida ishlab chiqariladi.

Qayd etilishicha, tizimdagi 9 ta issiqlik markazida joriy va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. 13 ta qozonda mukammal, 47 ta qozonda joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Obyektlarning umumiy issiqlik quvvati 4580 Gkal bo‘lib, bu iste’molchilarni isitish mavsumida 60-85 daraja issiqlik bilan barqaror ta’minlash imkonini beradi.

Shuningdek, ekologik talablarni kuchaytirish maqsadida Toshkent shahridagi ilgari mazut qozonlaridan foydalanilgan to‘qqizta issiqlik markazidan oltitasida tutun gazlariga absorbsion ishlov beradigan filtrlash tizimlari joriy etildi. Bundan tashqari, mutaxassislar mazutni qattiq mexanik aralashmalardan tozalash uskunalarini o‘rnatdi.

Bundan tashqari, ekologik barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida 4-Issiqlik markazi hududida 2025-yil yakuniga qadar quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi gaz-porshenli elektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, yangi qurilmalar yiliga qo‘shimcha 515 mln kVt/soat elektr energiyasi va 630 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Shuningdek, korxona hududida ekologik nazoratni kuchaytirish maqsadida 4 ta avtomatik monitoring stansiyasi (AMS) va 1 ta ekopost o‘rnatilib, filtrlar, gaz tarmoqlaridagi mexanik ulanishlar to‘liq yangilandi. Barcha ko‘rsatkichlar Ekologik tashkilotning Vaziyatlar markaziga real vaqt rejimida uzatiladi va doimiy ravishda tahlil qilib boriladi.

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, korxona Toshkent markazida joylashgani sababli mutaxassislar ekologik yukni kamaytirish va shaharning tashqi ko‘rinishini yaxshilash bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Xususan, 15,5 gektar maydonga 16 ming 490 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, “yashil belbog‘” barpo etildi.

Gaz-porshenli elektr stansiyasi ishga tushirilgandan so‘ng 50 ta yangi ish o‘rni yaratish va yiliga o‘rtacha 876 million kVt/soat elektr energiyasi va 784 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yiliga 15 million kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Elektr stansiyasi o‘rtacha 365 ming xonadonni elektr energiyasi va 58 ming xonadonni issiqlik energiyasi bilan ta’minlashi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston qishda energiya iste’moli bo‘yicha yangi rekord o‘rnatishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Rasmiylar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni 5-oktyabrgacha yakunlashni rejalashtirmoqda.