Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlat rahbari universitet faoliyati bilan tanishadi. Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlariga davlat mukofotlarini topshirib, ular bilan tizimdagi islohotlar natijadorligi va kelgusi yilgi ustuvor vazifalarni muhokama qiladi.
Zamonaviy tibbiyotni farmatsevtikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu yildan boshlab ushbu bayramni “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” sifatida nishonlash maqsadga muvofiq, deb hisoblayman va bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb umid qilaman, — dedi prezident.
Raqamlashtirish, xorijiy hamkorlarni topish, klinik protokollarni yangilash, ilg‘or diagnostika, profilaktika va davolash bo‘yicha zamonaviy jamoani shakllantirish bo‘yicha ishlamayotgan markazlar, tumanlar va viloyatlardagi sog‘liqni saqlash boshqarma va bo‘limlarining kelajagi yo‘q.
Respublika onkologiya markazi rahbari lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Turkiyadan malakali boshqaruvchi tayinlandi. Markazga Fransiyaning dunyoga mashhur “Gustav Rossi” klinik markazi ham jalb etildi. Ularning klinik protokollarini joriy etish boshlanadi.
Barcha markaz rahbarlari eshitib olsin: markazlar xususiy mulk emas, davlatniki, xalqniki, har bir rahbar xulosa qilib, yillik katta reja olsin — uch oy ichida chet eldan hamkor topib, vaziyatni o‘zi o‘zgartirsin yoki ularsiz ham o‘zgartiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
26 ta markaz direktori, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash, oilaviy poliklinika rahbarlari oylik reja asosida ish boshlaydi. Ular o‘z zimmasiga olgan vazifalarni, qaysi kasalliklar ko‘proq uchrayotgani va ularni kamaytirish yo‘llarini aholiga e’lon qilib boradi.
Viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari joylarda aholi bilan uchrashadi. Prezident fuqarolar tizimga baho berishi uchun xalq bilan muloqot qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, salomatlikka e’tiborli bo‘lish, tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik muhimligi tushuntiriladi.
O‘zingizga savol bering: bemor shifoxona yoki poliklinikaga kelganida qancha vaqt sarflaydi, ko‘rsatilgan xizmatdan qanchalik qoniqadi? Rahbarlar o‘zini bemorning o‘rniga qo‘yib ko‘rishi, eshikdan shifokor xonasigacha borib, rentgen, laboratoriya, UTT, EKG tekshiruvlarini o‘tkazishi, qavatma-qavat ko‘tarilib-tushishi kerak, shunda odamlarning ahvolini tushunib, bu savolga javob topadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, prezident tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Shifokorlar mukofotlar, imtiyozlar va yangi qo‘llab-quvvatlash choralari, jumladan, ustamalar, uy-joy va ta’lim olishda yordam oladi.




















