O‘zbekiston

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga hukm o‘qildi

Aziz Voitov juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda aybdor deb topildi.

Toshkentda talon-toroj qilishda ayblangan sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va ishning boshqa ishtirokchilariga hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sobiq qishloq xo‘jaligi vazirini Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bilan aybdor deb topdi. Shu bilan birga, yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganligi sababli Aziz Voitovga ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari va BHMning 400 baravari (164,8 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri uch yil davomida moddiy javobgar lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilindi. Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining sobiq rahbari Husniddin Karimov ham sud tomonidan aybdor deb topilib, unga 3 yil muddatga moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Yana to‘qqiz nafar sudlanuvchiga sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish, yana 51 kishiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 nafar shaxsga nisbatan ochilgan korrupsiya ishi yopiq sud majlisiga o‘tkazilganiga munosabat bildirgandi. Tursunali Akbarovning ta’kidlashicha, sudya “tomonlarning fikrlari asosida”, qandaydir “muhim ma’lumotlar”ning sizib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, ish davomida jamiyatda “sudga ijtimoiy bosim” o‘tkazishi mumkin bo‘lgan bahs-munozaralarga chek qo‘yish istagidan kelib chiqib qaror qabul qilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная