Sirdaryoda soliq inspeksiyasi xodimi tadbirkor ayolga tegajog‘lik qildi
Erkak jabrlanuvchiga shaxsiy xarakterdagi nomaqbul xabarlar yozgan, unga uchrashuvlar taklif qilgan, shuningdek, uning do‘koniga bir necha marta soliq inspektorlarini yuborgan.

Sirdaryoda soliq inspeksiyasi xodimi tadbirkor ayolga turmush o‘rtog‘i ishlab yurgan vaqtida tegajog‘lik qilgani uchun sud hukmi o‘qildi. Bu haqda huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yangiyer shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlovchi erkak bir necha oy davomida ayolga shaxsiy mazmundagi xabarlar yozgan, shuningdek, bir necha marta uning do‘koniga soliq inspektorlarini yuborgan.
Bundan tashqari, erkak unga kechqurun bir piyola choy ustida uchrashishni taklif qilib, “uning ahvolidan xavotirda ekanini” aytgan. Bu vaqt davomida jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i xizmat safarida bo‘lgan, shuning uchun ayol ta’qibdan qo‘rqib, bir necha kun uydan chiqmagan va do‘koniga bormagan.
Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov ish 183-modda (mayda bezorilik) bilan kvalifikatsiya qilinganini aytib, bunday jinoyatlar shunchaki “mayda bezorilik” emasligi, bu kabi harakatlar milliy mentalitet sharoitida oilaning buzilishiga, ijtimoiy fojialar ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini aytib, e’tiroz bildirdi.
Avvalroq Navoiyda mahalla raisi ayolga tegajog‘lik qilib, uch sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi. Davlat xizmatchisi jabrlanuvchiga nomaqbul xabarlar yuborgan va ish joyida spirtli ichimlik iste’mol qilgan.
Izohlar