O‘zbekiston

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev sanoat kooperatsiyasi dasturini imzoladi

Davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi.

Boku shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini imzolagan. Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi:

  • Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025-2029-yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;
  • Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • 2030-yilga qadar tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish dasturi;
  • 2025-2027-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi;
  • 2025-2027-yillarda ijtimoiy himoya sohasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
  • Kemachilik va kemasozlik sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Toshkent viloyati va Sumgait shahri, Navoiy va Gabala shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuvlar.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv o‘tkazib, do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va Bokuda O‘zbekistonning yangi elchixonasini ochish masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi. Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная