Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Bosh konferensiyaning tarixiy sessiyasi qirq yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parijdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda. Bunday keng ko‘lamli xalqaro forumning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning tashkilot g‘oyalari va qadriyatlariga sodiqligi, shuningdek, tinchlik, o‘zaro anglashuv va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi global muloqotni rivojlantirishga faol hissa qo‘shishga qat’iy intilishining yorqin tasdig‘i bo‘ladi.

Ushbu muhim sessiya doirasida ta’lim, fan, madaniyat, ekologiya, texnologiya va kommunikatsiya sohalaridagi asosiy masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan 150 dan ortiq turli shakldagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

YUNESKO Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan muassasasi bo‘lib, 1945-yilda ta’lim, fan, madaniyat va kommunikatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik hamda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.

Avvalroq Samarqandga kirish ikki haftaga yopilishi xabar qilingandi. Shaharda ilk bor YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tadi.