Shavkat Mirziyoyev prezident administratsiyasidagi 284 ta shtat birligini qisqartirdi
Shuningdek, ushbu tashkilot faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, farmon bilan Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi. Natijada uning tizimidagi boshqarma va tashkilotlarda 284 ta shtat birligi qisqartirilib, bir-birini takrorlovchi lavozimlar maqbullashtirildi.
Xususan, idora faoliyatida beshta ustuvor yo‘nalish belgilandi, ular orasida ta’lim, biznes muhiti, sud-huquq tizimi, sog‘liqni saqlash va suv resurslari bor. Shuningdek, ushbu sohalardagi islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida administratsiya tuzilmasida 5 ta rahbar o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.
Bundan tashqari, prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.
Izohlar