Rossiyaning yana bir shahrida migrantlarga taksi haydovchisi bo‘lib ishlash taqiqlandi
Rasmiylar qarorni xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish istagi bilan asoslagan.

Sankt-Peterburgda xorijiy fuqarolarning taksi sohasida ishlashiga vaqtinchalik taqiq joriy etildi, deb yozadi Forbes gubernator Aleksandr Beglovning qaroriga tayanib.
Hujjatga ko‘ra, qaror imzolangan kundan boshlab o‘n kun o‘tgach, 7-avgustdan kuchga kiradi va 2025-yil oxirigacha amal qiladi.
Taqiq patent bo‘yicha ishlaydigan chet elliklarga taalluqli. Ish beruvchilarga ularni ishdan bo‘shatish va rossiyalik haydovchilarni jalb qilish uchun uch oy vaqt beriladi.
Shahar ma’muriyati bu qarorni taksi xizmatlari sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolarini ish bilan ta’minlash uchun imkoniyatlar yaratish istagi bilan izohladi. Mehnat va bandlik qo‘mitasiga noyabr oyiga qadar taqiqni 2026-yilgacha uzaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
Avvalroq migratsiya agentligi kruiz laynerlariga qabul ochgani xabar qilingandi. Mutaxassislar xizmat ko‘rsatish sohasida ish tajribasiga ega 21 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkak va ayollarni qidirmoqda.
Izohlar