O‘zbekiston

Prezidentga Toshkent shahrida barqaror energiya tizimi bo‘yicha rejalar taqdim etildi

Davlat rahbari kuz-qish mavsumi yaqinlashib kelayotganiga e’tibor qaratib, joriy reja bo‘yicha barcha ishlarni 1-noyabrgacha yakunlash zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidenti Toshkent shahrida energetika tizimi barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Bugungi kunda 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan buyon shaharda elektr iste’molchilari soni 40 mingtaga ko‘payib, talab darajasi 6 foiz oshgan.

Bundan tashqari, agar ilgari yozda o‘ta issiq ob-havoning davomiyligi bir haftadan oshmagan bo‘lsa, bu yil u 20 kun davom etdi. Natijada iyul oyida shaharda elektr iste’moli 900 million kilovatt soatdan oshdi. Bu holatlarning barchasi tizimli modernizatsiyani davom ettirishni talab qiladi. Taqdimotda energetika vaziri har bir tuman va mahalla kesimidagi rejalarni taqdimot qildi.

Birinchi bosqichda joriy yil yakunigacha 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya va 62 ta transformatorni yangilash rejalashtirilgan. 2026-yilda yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Xususan, mahallalardagi transformator va tarmoqlar ta’mirlanib, yangilari o‘rnatiladi.

Prezident kuz-qish mavsumi yaqinlashib kelayotganiga e’tibor qaratib, joriy reja bo‘yicha barcha ishlarni 1 noyabrga qadar yakunlash zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilar sovuq kunlarda barqaror energiya ta’minoti bo‘yicha ham axborot berdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari faol ravishda oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoat korxonalarini muqobil energiya manbalariga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, 2027-yilgacha yirik korxonalar va turizm obyektlarida 752 megavattli quyosh elektr stansiyalari hamda 812 megavattli akkumulyatorlar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная