Prezident maktablarda YDI joriy etilishini ma’lum qildi
Maktabda imtihon natijalariga ko‘ra, bitiruvchilar o‘z xohishiga binoan texnikumlarga yoki oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktablarda YDI joriy etilishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Hozirgi kunda maktablarda 6,5 mln o‘quvchi ta’lim olmoqda. 2025-yilda 400 mingga yaqin o‘quvchi maktablarni tamomladi va 720 ming bola birinchi sinfga qabul qilindi. Shu bois so‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Xalqimizning kelajagi maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng uzoq davom etadigan, kerak bo‘lsa, hal qiluvchi bosqichi bu — maktab ta’limidir, — dedi prezident.
Shuningdek, 200 mingdan ortiq bola ta’lim olayotgan xususiy maktablar uchun ham sharoitlar yaratilgan. Yangi o‘quv yilidan boshlab 9 va 11-sinf o‘quvchilari uchun o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab kasbga yoki oliy ta’limga yo‘naltirish bo‘yicha YDI joriy etiladi. Shu tariqa, 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlar bilan qamrab olinadi.
Maktabda o‘qish oliy ta’lim muassasalariga kirishni xohlovchilar uchun fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘rganish bilan davom ettiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, maktabda yakuniy imtihon natijalariga ko‘ra, bitiruvchilar o‘z xohishiga ko‘ra yo texnikumga, yo oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishi mumkin bo‘ladi, — deyiladi xabarda.
Avvalroq O‘zbekistonda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan yagona imtihon tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Yagona davlat imtihonini joriy etish o‘quvchilarning vaqtini tejash va ota-onalarning moliyaviy yukini kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda. Bu, shuningdek, ortiqcha tartib-taomillarni kamaytiradi va keraksiz byurokratiyadan qochishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi NHHLM portalida 2024/2025 o‘quv yilidan maktab bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasini joriy etishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini e’lon qilgan edi. Xalq ta’limi vazirligi attestat olish uchun eng kam ball miqdorini belgilaydi.
Izohlar