Tuman va shahar mahalliy hokimiyat organlari uchun yangi ma’muriy binolar quriladi, deyiladi hukumat qarorida.

Hujjatga ko‘ra:

  • 2025-2026-yillarda tegishli tuman (shahar) larni kompleks jadal rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi;
  • bir joyda optimal joylashtiriladigan tuman (shahar) mahalliy davlat hokimiyati organlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Yangi ma’muriy binolar foydalanishga topshirilgandan so‘ng 1- va 2-qavatlarga ega bo‘ladi, ular ustuvor ravishda savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun E-auksion platformasidagi elektron onlayn-auksionlar orqali ijaraga beriladi.

Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, yangi ma’muriy binolarni qurish, montaj qilish va obodonlashtirish ishlarini yakunlash muddati 2026-yil 1-dekabrgacha etib belgilandi. Tuman (shahar) mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun yangi ma’muriy binolarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurish, montaj qilish va obodonlashtirish doirasida:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmachi etib belgilandi;
  • bosh loyiha va pudrat tashkilotlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda minglab amaldorlar ishdan bo‘shatiladi. Bandlik vazirligi va kasaba uyushmalari ishdan bo‘shatilgan xodimlarga boshqa ish topib beradi.