O‘zbekistonga kelgan falastinliklarga pensiya beriladi
Shuningdek, mehmon oilalarning har biriga yashash joyidagi uy-joy ijarasi xarajatlari qoplanadi.

O‘zbekistonga kelgan falastinliklarga zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolar uchun nazarda tutilgan pensiya tayinlanadi, deyiladi prezident farmonida.
Hujjatga ko‘ra, mehnatga layoqatli har bir mehmonga (I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashqari) har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida nafaqa to‘lanadi. Bundan tashqari:
- har bir mehmon oilaga yashash joyi bo‘yicha uy-joy ijarasi xarajatlari qoplab beriladi;
- mehmonlarga bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqalar, shuningdek, dafn marosimi uchun nafaqa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan miqdorlarda to‘lanadi;
- mehmonlarning har bir oilasiga birinchi navbatda zarur bo‘lgan tovarlar (maishiy ehtiyoj uchun nooziq-ovqat tovarlari to‘plami) sotib olish uchun qo‘shimcha ravishda bir martalik nafaqa to‘lanadi;
- har bir oilaga mahalladan bir nafardan ijtimoiy xodim biriktirilib, ularni shaxsan kuzatib borish, yakka tartibda ko‘maklashish, ehtiyoj va talablarini inobatga olish choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga kelgan falastinlik bolalar davlat maktablari va bolalar bog‘chalariga joylashtiriladi. Qabul navbatsiz bo‘ladi va barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi.
Izohlar