2025-yil boshidan buyon O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq 9 mingdan ortiq huquqbuzarlik holatlari qayd etilgan, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar-noyabr oylarida mutaxassislar tomonidan 9817 ta shunday huquqbuzarlik aniqlangan. Shu bilan birga, ularni butun mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan IP-kameralar yordamida qayd etishga muvaffaq bo‘lindi. Qayd etilishicha, 3714 ta holatda qoidabuzarlar avtomobillardan chiqindi tashlagan. Hozirda 2 ming 232 ta holat bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tegishli choralar ko‘rilib, jazo tayinlangan bo‘lib, ular bo‘yicha jami 956 million 887 ming so‘m jarima belgilangan.
Yana 7585 ta holat bo‘yicha hozirda javobgarlikka tortish ishlari olib borilmoqda. Vazirlikning ma’lum qilishicha, eng ko‘p huquqbuzarlik Andijon viloyatida qayd etilgan — 3001 ta holat. Ikkinchi o‘rinda Namangan viloyati bo‘lib, u yerda tartib posbonlari 2937 ta holatni aniqlagan, Farg‘ona viloyati esa birinchi uchlikni egallagan — 1645 ta holat. Keyin hududlar quyidagicha joylashdi:
- Samarqand viloyati — 981 ta holat;
- Toshkent viloyati — 434 ta holat;
- Surxondaryo viloyati — 250 ta holat;
- Sirdaryo viloyati — 144 ta holat;
- Toshkent shahri — 121 ta holat;
- Xorazm viloyatida — 117 holat;
- Navoiy viloyati — 99 ta holat;
- Qashqadaryo viloyati — 70 ta holat;
- Jizzax viloyati — 16 ta holat;
- Buxoro viloyati — 2 ta holat.
Qayd etilishicha, o‘rnatilgan kameralar nafaqat chiqindi tashlash holatlarini, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash va ular bo‘yicha choralar ko‘rish imkonini beradi.
Avvalroq Toshkent aholisi chiqindi tashish mashinalarini onlayn kuzatishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligi va Transport vazirligi maxsus transportning kelish vaqti va chiqindilar hajmini ham ko‘rsatadigan saytni ishga tushirdi.






















