O‘zbekistonda tajovuzkorlarning xatti-harakatlari tuzatiladi
Dasturni yaratish uchun psixologlar jalb qilinadi.

O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning tajovuzkor xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi ishga tushiriladi, deyiladi Vazirlar Mahkamasi qarorida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar har bir holatda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan birgalikda dasturlarni tasdiqlaydi. Unga psixokorreksiya, ya’ni “shaxs rivojlanishidagi kamchiliklar va bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida faol psixologik-pedagogik ta’sir ko‘rsatish” kiradi. Uning davomiyligi bir oygacha bo‘ladi.
Uni amalga oshirish bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari, mehnat, ta’lim va sog‘liqni saqlash organlari, xotin-qizlar ishlari bo‘yicha mahalla qo‘mitalari, yoshlar ishlari hamda oila va xotin-qizlar boshqarmalari faollari, byudjet tashkilotlari psixologlari reyestridan yoki grantlar doirasida jalb qilingan psixologlar, shuningdek xotin-qizlar ishlari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar shug‘ullanadi.
Ichki ishlar vazirligi 1-oktyabrga qadar korreksion dasturlarni ishlab chiqishga jalb etiladigan psixologlar reyestrini shakllantiradi. Ularning nomzodlari Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, Fan va innovatsiyalar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan har yarim yilda bir marta taklif etiladi. Shuningdek, nodavlat tashkilotlar vakillari ham ishga jalb etilishi mumkin.
Tajovuzkor bilan ishlash rejasini profilaktika inspektori himoya orderi rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida ishlab chiqadi. Shundan so‘ng rejani «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi bilan kelishish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, uni tuman hokimining o‘rinbosari hamda oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Dasturdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ma’lumotni inspektor “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimining “E-tuzatish dasturi” moduliga kiritadi.
Avvalroq O‘zbekistonda nafaqat pedofillar reyestri paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ba’zi jinoyatchilarga bolalar bilan ishlash taqiqlanadi.
Izohlar