O‘zbekistonda ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi va ulardagi rejim mustahkamlanadi, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Deputatlar ekologik toza hududlarning huquqiy maqomini belgilashga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Hujjat ekologik toza hududlar maqomi va rejimini belgilashga, shuningdek, ushbu hududlarda plastmassa buyumlar aylanmasini tartibga solishga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan ekologik toza zona rejimi amal qiladigan hududlarda o‘z faoliyati natijasida oqova suvlarni hosil qiladigan ishlab chiqarish obyektlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning avtomobillarini yuvish shoxobchalarini oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan jihozlash nazarda tutilmoqda.

Tozalangan oqova suvlarni oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga ulash yoki ularni to‘plash uchun muqobil inshootlar barpo etish, suv aylanma tizimi tizimlarini joriy etish va undan samarali foydalanish talabi belgilanmoqda. Bundan tashqari, tabiiy obyektlar va majmualarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sanoat obyektlarini qurish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Shuningdek, tabiiy organik polimerlardan tayyorlangan mahsulotlardan tashqari, bir martalik plastik buyumlar muomalasiga cheklov kiritish nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.