O‘zbekiston

O‘zbekistonda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga kirishiladi

Mamlakatda muhandislik maktablari tashkil etiladi va o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi.

Фото: ситуативное

8-sentyabr kuni davlat rahbari ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Taqdimotda ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’limning ajralmas qismi ekani, lekin muassasalarda unga turlicha yondashilgani, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha hali yaxlit tizim yo‘qligi ta’kidlandi.

Rasmiylar maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan ta’limning barcha bosqichlarini qamrab olgan milliy g‘oya konsepsiyasini ishlab chiqdi, bu ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun namuna bo‘ladi.

Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, o‘quvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi, — deyiladi xabarda.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda “Ëshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7-yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi.

2026-2028-yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.

Prezident iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talabidan kelib chiqib, texnika va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan o‘qitiladi. Ularda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik ta’lim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5-yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.

2026-yildan boshlab, har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.

Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.

Максим Каневский
Редактор «NOVA24»

Izohlar

Mavzuga oid

Главная