O‘zbekistonda fuqarolar chiqindi tashish uchun qarzi bo‘lsa, elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshira olmaydi
Yangilik 2025-yil 30-iyungacha to‘plangan qarzlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

O‘zbekistonda 1-avgustdan boshlab chiqindi tashish xizmatlari uchun qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lovlarni vaqtincha to‘lay olmaydi, deb xabar bermoqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi.
Yangilik 2025-yil 30-iyungacha to‘plangan qarzlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyning 3-sanasiga qadar «Toza makon» elektron billing tizimidan «Hududiy elektr tarmoqlari» billing tizimiga uzatiladi. Oyning 5-sanasiga qadar bunday abonentlarga 2100 raqamidan SMS-xabarnoma yuboriladi.
Xabarnomani olgandan so‘ng, abonentga qarzni to‘lash uchun qo‘shimcha 5 kunlik muddat beriladi. Agar ushbu davrda qarzdorlik to‘lanmasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha to‘xtatiladi. Qarz bartaraf etilgandan so‘ng, cheklov avtomatik ravishda olib tashlanadi.
Agentlikning ta’kidlashicha, sanitar tozalash korxonalari hisob-kitoblarning aniqligi va adolatliligi uchun javobgardir. Agar xizmat o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ushbu kunlar uchun to‘lov qayta hisoblab chiqiladi.
Chiqindilarni boshqarish sohasidagi xizmatlar sifati bo‘yicha takliflar yoki shikoyatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, fuqarolar kunu tun «1205» qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda IIB va FVV xodimlari elektr energiyasidan samarasiz foydalanganlik uchun dalolatnomalar tuzishi mumkinligi xabar qilingandi.
Izohlar