O‘zbekiston

O‘zbekistonda ekstremistik materiallar ro‘yxati yangilandi

Yangi versiyaga mingdan ortiq taqiqlangan kontent manbalari kiritilgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekstremizm va terrorizm g‘oyalariga aloqadorligi sababli O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallarning yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi.

Yangi ro‘yxatga turli ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi taqiqlangan materiallarni o‘z ichiga olgan mingdan ortiq sahifalar, kanallar, akkauntlar va boshqa manbalar kiritildi. Xususan, Facebook’da 220 ta sahifa, Telegram messenjerida 709 ta kanal va guruhlar, Instagramda 239 ta profil, YouTube’da 104 ta kanal, Odnoklassniki’da 27 ta sahifa, TikTok’da 46 ta akkaunt, 40 ta veb-sayt va boshqa manbalar kiritilgan.

Hujjatning 2025-yil yanvar oyida e’lon qilingan oldingi versiyasida audio, video va matn shaklida 1389 ta material mavjud edi. Qayd etilishicha, bunday manbalar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, IIV hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda aniqlanmoqda.

Bunday materiallardan foydalanish cheklangan bo‘lib, ularni namoyish etish, tarqatish va saqlash ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunga muvofiq taqiqlangan. Shuningdek, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная