O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilmoqda
Shahnoza Mirziyoyeva Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritish tashabbusi bilan chiqdi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va bu sohadagi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha oy davomida agentlik bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish ustida ish olib bormoqda.
“Biz Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz. Maqsad — bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxslar jazodan chetda qolmasligi, javobgarlik adolatli va muqarrar bo‘lishi, yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazo choralari qo‘llanilishiga erishishdir”, — dedi u.
IIV, Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, MMTV vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh tuzildi. Guruh aniq va amaliy o‘zgarishlar ustida ish boshladi, jumladan:
- bolalarga ziyon yetkazgan shaxslar uchun jazo choralarini yanada kuchaytirish;
- shafqatsizlikka yo‘l qo‘yganlar uchun bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash;
- javobgarlikni tezkor va samarali ta’minlash maqsadida yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish.
“Men ko‘pincha shu savol ustida o‘ylanaman: katta yoshdagi inson qaysi pallada boladagi insoniy qiyofani ko‘rmay qoladi? Qachon g‘azab va bezovtalik zo‘ravonlik uchun bahonaga aylanadi? Bola himoya qilishga “ulg‘ayib yetishi” mumkin emas. Himoya uning haqqi sifatida uning ilk nafasidan boshlab mavjud bo‘lishi shart. Shart-sharoitlarga bog‘liqsiz, mutlaq va kafolatli tarzda.
Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman. Bu — har doim kattalarning ongli tanlovidir. Demak, buning muqobili sifatida boshqa bir tanlov ham bo‘lishi shart: uni to‘xtatish tanlovi. Oqlash emas. Muammoga ko‘z yummaslik tanlovi”, — dedi Shahnoza Mirziyoyeva.
Izohlar