Transport vaziri Ilhom Mahkamov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida besh yildan keyin qishloq va ovullardagi barcha yo‘llar asfalt qilinishiga va’da berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda qishloq yo‘llarining qariyb 70 foizi asfalt yoki shag‘al bilan qoplangan. Qolgan 30 foizini yaqin ikki yilda shag‘al bilan qoplash, 2030 yilgacha esa to‘liq asfaltlash rejalashtirilgan.
“Balandparvoz tuyulsa ham, bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda o‘z zimmamizga olgan dastur”, — dedi Ilhom Mahkamov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmi joriy etiladi va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish faqat aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga muvofiq amalga oshiriladi.



















