Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar o‘tkazdilar. Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar savdo-iqtisodiy va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishni asosiy yo‘nalish sifatida belgilagan. Xususan, so‘nggi yillarda tovar ayirboshlash qariyb 2 barobar o‘sib, 1 milliard dollardan oshdi, shu munosabat bilan nomenklaturani kengaytirish va o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga uning hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Bunda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi alohida o‘rin tutadi. Tomonlar ushbu tajribani boshqa chegaraoldi hududlarda, eng avvalo, “Olot-Farab” hududida qo‘llash niyatida. Mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish uchun hukumatlarga avtomobil, temir yo‘l va dengiz tashuvlarini rivojlantirish, Turkmanboshi xalqaro dengiz portidan birgalikda foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Ikki mamlakat yetakchilari energetika masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Elektr energiyasini yetkazib berish va tranzit qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki mamlakat hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi intilish qat’iy ekani ta’kidlandi. Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Hududlararo hamkorlik yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Buxoro va Turkmanobod shaharlarida hududlar forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Yaqinda Xivada ikki mamlakatning barcha viloyatlari ishtirokida uchinchi forum bo‘lib o‘tadi. Urganch va Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan Turkmaniston madaniyati kunlari ham nishonlandi. Davlat rahbarlari teatrlarning konsert va gastrol safarlari, yoshlar, ilmiy ziyolilar forumlari va sport olimpiadalarini muntazam o‘tkazib borishga kelishib oldilar.

Tomonlar, shuningdek, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani sohasida amaliy hamkorlikni ilgari surishga kelishib oldilar. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda sezilarli siljish kuzatilgani ta’kidlandi. Yetakchilar 16-noyabr kuni Toshkent shahrida o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuvining yakunlari mintaqada integratsiya jarayonlari va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi. Yakunda yetakchilar hamkorlikni jadal rivojlantirish, birodar mamlakatlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida ulkan natijalarga erishish borasida o‘zaro qat’iy intilishlarini tasdiqladi.

Avvalroq, oliy darajadagi samarali muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Qo‘shma bayonot, shuningdek, qator bitim va dasturlar, jumladan, qator mintaqalarda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolagani haqida xabar berilgandi.