O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shildi
Mamlakat uchun mintaqada yangi imkoniyatlar ochildi.

Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasiga a’zo davlatlar O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risidagi arizasini ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatga qo‘shilish tashabbusini Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan. Bir yilga yaqin tayyorgarlik jarayonlari va muzokaralardan so‘ng Malayziya raisligida Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan ASEAN tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida O‘zbekistonning hujjatga qo‘shilishi ma’qullandi.
Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma 1976-yil 24-fevralda Indoneziyaning Bali shahrida imzolangan. U ASEAN mintaqasidagi hamkorlikning asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi muhim hujjat sifatida e’tirof etildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning ushbu shartnomaga qo‘shilishi mamlakatning mintaqadagi yangi imkoniyatlarini ochib beradi. Bu nafaqat davlatlar o‘rtasidagi “G2G” hamkorligiga, balki savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada faollashtirishga, shuningdek, yirik xorijiy korxonalar tomonidan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Ekvador bilan JSTga a’zo bo‘lishga kelishib olgani haqida xabar berilgandi. Mamlakat tashkilotga yana bir qadam yaqinlashdi.
Izohlar