Toshkentda Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov Afg‘onistonning “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) energetika kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlar Afg‘oniston hududida yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari va podstansiyalar qurilishining hozirgi holatini muhokama qildilar. Muhokama yakunida vazir va bosh direktor 2026-yilga mo‘ljallangan elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnomani imzoladi.

Tomonlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston xalqi farovonligini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasi eksporti sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda, shu munosabat bilan tomonlar yangi “Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurishga kelishib olgan. Energetika vazirligi rahbari mamlakat hukumati hisob-kitoblarni muntazam ravishda to‘lab borayotganini aytdi.

Mavzuga doir: Tinchlik va barqarorlik xavf ostida: O‘zbekiston nega Afg‘onistonga yordam bermoqda? Shavkat Mirziyoyev jafokash afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.