O‘zbekiston

O‘zbekiston va Afg‘oniston bosh vazirlari har uch oyda uchrashishni boshlaydi

Respublika va islom amirligi hukumatlari rahbarlari kelishuvlarning amalga oshirilishini shaxsan nazorat qiladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Ozarbayjonda Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda siyosiy va iqtisodiy aloqalar, temir yo‘l aloqalarini rivojlantirish, savdo, tranzit va elektr energiyasi yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd dollardan oshgan, bu avvalgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 60 foizga ko‘pdir.

“Umid qilamizki, bu hajm yaqin kelajakda 2 mlrd dollarga yetadi. O‘zbekiston tomonini Afg‘oniston tovarlarini O‘zbekiston hududi orqali Markaziy Osiyo va Rossiyaga eksport qilishga ko‘maklashishga chaqiramiz”, — dedi Mulla Barodar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “ikkala davlat ham iqtisodiy barqarorlik, infratuzilmani rivojlantirish, tog‘-kon sanoati, transport, tranzit, xizmat ko‘rsatish va asosiy rivojlanish sohalaridagi loyihalarni boshqarish uchun hamkorlik qilishi kerak”. Barodarning aytishicha, Mirziyoyev Afg‘onistondagi taraqqiyotni sezgan va O‘zbekiston “xalqaro maydonlarda, ayniqsa BMTda Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha real faktlarni yetkazayotgani”ni ma’lum qilgan.

Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, mamlakat Afg‘onistonga sarmoya kiritishga, jumladan, Mozori Sharif—Hirot—Qandahor temir yo‘li loyihasi, to‘qimachilik fabrikalarini tashkil etish, sement ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash zavodlarini qurish, tuz qazib olish va qayta ishlash, elektron boshqaruvga tayyor.

“O‘zbekiston Afg‘onistonga 500 kV elektr uzatish liniyasi loyihasi tez fursatda yakunlanganidan keyin elektr energiyasi yetkazib berish hajmini oshirishga tayyor”, — dedi Mirziyoyev.

Prezident, shuningdek, Afg‘oniston tovarlari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo va Rossiyaga eksport qilishga ko‘maklashish bo‘yicha maxsus topshiriqlar berishini, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi bank hisob-kitoblarini yaxshilash, viza rejimini soddalashtirish va Termizdagi Xalqaro savdo markazini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

“Uchrashuv yakunida tomonlar Mulla Barodar va O‘zbekiston bosh vaziri boshchiligida kelishuvlar ijrosini nazorat qilish uchun har uch oyda bir marta yig‘iladigan qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston o‘zbek charm poyabzallarini millionlab dollarga sotib oladi. O‘zbekiston vakillari mahalliy yirik kompaniyalar va tadbirkorlar bilan suhbatlashgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная